X
RU

UZ

UZ

15 aprel, chorshanba

Yangiliklar

Образование

377
Chop etiladigan nusxa
“Raqamli texnologiyalar sohasida yoshlar bandligini ta’minlashning zamonaviy yechimi”
“Raqamli texnologiyalar sohasida yoshlar bandligini ta’minlashning zamonaviy yechimi”

2024-yil 16-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan “Raqamli texnologiyalar sohasida yoshlar bandligini ta’minlashning zamonaviy yechimi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida ham yoshlar muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Bugungi kunda har bir mahallada “yoshlar bandligi dasturi”, ayniqsa, “besh tashabbus olimpiadasi”, “madaniyat karvoni” tadbirlari va turli festivallar o‘tkazish, “har bir mahalladan ikki nafar dasturchi” loyihasi doirasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan, jumladan, oliy ta’limga kirishdagi kvotalarni oshirish, boshlang‘ich kapitalga ega bo‘lmagan yangi biznesini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarni imtiyozli kreditlar asosida moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, maktablarda IT kasblariga tayyorlash bo‘yicha salmoqli ishlar bajarildi.

Masalan, 2023-yilda xalqaro IT — sertifikatlar uchun 922 nafar yoshlar 1 584 mln. so‘m, joriy yilning birinchi choragida esa 201 nafar yoshlar 333 mln. so‘m kompensatsiya olgan. O‘tgan yilda 556 nafar xalqaro IT sertifikatiga ega yoshlar ish bilan ta’minlangan bo‘lsa, 2024-yilning birinchi choragida bu ko‘rsatkich 610 nafarni tashkil etdi.

Davra suhbati davomida Davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, 2024-yilda axborot texnologiyalari sohasida 70 ming yoshlarni band qilish, qobiliyatli yigit-qizlar aniqlanib, IT-kasblarni o‘rganishiga ko‘maklashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham so‘z yuritildi.

Raqamli texnologiyalar vazirligining AKT sohasida yuqori bilim va malakaga ega yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar, AKT xizmatlarni eksport qilishda yoshlar ulushini oshirish hamda “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.

So‘z olganlar bugun qishloq joylaridagi yoshlarning AKТ sohasiga oid bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularga mehnat bozori haqida kengroq ma’lumotlar berib borish, yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha davlat dasturida nazarda tutilgan imtiyozlardan xabardor qilish lozimligini qayd etdilar.

—Raqamli texnologiyalar hayotimizga shunchalik singib ketdiki, bugungi kunda nafaqat kundalik faoliyatimiz, balki ijtimoiy-iqtisodiy sohalar rivojini ham ularsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shoxista Turg‘unova. — Shu sababli mamlakatimizda raqamli texnologiyalar bozorining investitsiya jozibadorligini oshirish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, sohadagi korxonalarning eksport faoliyatini jadallashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugun ushbu soha yoshlar bandligini ta’minlash imkoniyatlari yanada kengaygani e’tiborga molik.

Davra suhbatida sohada yuzaga kelayotgan ayrim muammolarga yechim topish, qonunchilikdagi bo‘shliqlarni to‘ldirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan berilgan barcha savollarga deputatlar atroflicha javoblar qaytardi.

Boshqa yangiliklar